Xalqaro rasmiy o'yinlarda gol urish bo'yicha peshqadamga aylangan Ronaldu, UEFAdan chiqib ketishni xohlayotgan Rossiya, yana mashg'ulotlarga qaytgan Mahmud Murodov — kunlik sport dayjesti

Ushbu materialda eng muhim kunlik sport xabarlari bilan tanishib borishingiz mumkin

Foto: Fighttime.ru

Foto: Fighttime.ru

Repost.uz nashri O'zbekiston va dunyo bo'yicha eng qiziq sport xabarlarini qisqa va tushunarli ko'rinishda bir joyga jamladi.

Ronaldu – xalqaro rasmiy oʻyinlarda gol urish boʻyicha peshqadam (top-10)

Foto: Goal.com

Foto: Goal.com

IFFHS toʻpurarlarning yangicha roʻyxatini taqdim etdi.

Reyting futbolchilarning klub hamda terma jamoada xalqaro rasmiy oʻyinlardagi gollari (qitʼa va jahon doirasidagi musobaqalardagi) asosida tuzib chiqildi. Unda peshqadam sifatida portugaliyalik Krishtianu Ronaldu qayd etildi – 270 gol.

Top-27 roʻyxat esa quyidagi koʻrinishda:

1. Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) – 270 gol

2. Lionel Messi (Argentina) – 235

3. Robert Levandovski (Polsha) – 178

4. Gerd Myuller (Germaniya) – 137

5. Neymar (Braziliya) – 136

6. Karim Benzema (Fransiya) – 128

7. Raul (Ispaniya) – 123

8. Ali Dayi (Eron) – 122

9. Ferens Pushkash (Vengriya) – 122

10. Luis Suares (Urugvay) – 121

Rossiya UEFAdan chiqib ketish uchun xat yuboradi

Foto: Twitter

Foto: Twitter

Manbaning xabar berishicha, RFI UEFAdan chiqish niyati haqida xat yuborishga qaror qilgan.

“Ertaga bu qaror (agar favqulodda hech narsa sodir boʻlmasa) ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi. Xat shu yil yuboriladi. Ammo muhim bir jihat bor.

Bu xat hali chiqish ketildi, degani emas. Bu faqat chiqib ketish niyati bildirilgan maktub boʻladi (qoidalarga koʻra, u moliyaviy yil oxirigacha maʼlum bir muddatda yuborilishi kerak. Yaʼni, moliyaviy, taqvim yakunida emas).

Aslida, bu zaruriy qonuniy jarayon boʻlib, u bizni UEFAdan ketishga majbur qilmaydi, ammo bu holda yana bir yil kutmaslikka imkon beradi. Ammo u yoʻllangach ham, ”endi nima qilamiz“ degan mavzuda turli muhokamalar (jumladan, Yevropa futboli mutasaddilari bilan) davom etadi”, – deyiladi manba xabarida.

Avvalroq Rossiya OFKga oʻtish haqidagi yakuniy qarorni 27-dekabr kuni qabul qilishi aytilgan edi.

Nodirbekda qatorasiga ikkinchi gʻalaba, Nafisa Moʻminova ham kuchli hind raqibasini yengdi

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Qozogʻistonning Almati shahri mezbonlik qilayotgan shaxmatning rapid va blis yoʻnalishlari boʻyicha jahon chempionatining ikkinchi kungi bahslari davom etmoqda.

Biroz avval rapid yoʻnalishi boʻyicha 7-tur uchrashuvlari yakunlandi. Rapid boʻyicha amaldagi jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov 7-turda qora donalarda oʻynashiga qaramay, rossiyalik Yan Nepomnyashiyni magʻlub etishga muvaffaq boʻldi. Yan oʻtgan yili jahon toji uchun supermatchda daʼvogar sifatida ishtirok etib, yutqazgan edi.

Eʼtiborlisi, ayollar oʻrtasidagi bellashuvlarda katta tanaffusdan soʻng ishtirok etayotgan birinchi ayol grossmeysterimiz Nafisa Moʻminova Osiyo chempioni, 20 yoshgacha shaxmatchilar oʻrtasida jahon chempioni hindistonlik Xarika Dronovallidan ustun keldi.

“Sparring Day 5x5”. Mahmud Muradov tayyorgarlikdan video namoyish etdi

Oʻzbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Muradov mashgʻulotlarda ter toʻkmoqda.

U Instagramdagi sahifasida mashgʻulotlardan video joylashtirdi. U asosiy eʼtiborni kurashga qaratayotganini koʻrishimiz mumkin.

Eslatib oʻtamiz, Mahmud Muradov soʻnggi jangini 22-oktyabr kuni Kayo Borralyoga qarshi oʻtkazib, imkoniyatni boy berib qoʻygandi.

Charlz Oliveyra Islam Maxachevdan qabul qilingan magʻlubiyat sababini ochiqladi

Foto: Open source

Foto: Open source

Braziliyalik sobiq UFC chempionining aytishicha, magʻlubiyatga faqat bir holat sabab boʻlgan.

“Maxachevga qarshi jangda hech qanday bosim his qilmadim. Shunchaki,oʻsha kuni u mendan yaxshiroq edi. Men haligacha jang videosini koʻrganim yoʻq. Menga endi buning ahamiyati ham yoʻq. Oʻsha oqshom yomon boʻldi deya olmayman. Faqat oʻsha 10 daqiqa yaxshi boʻlmadi. Boshqa hech narsa deya olmayman. Men hamisha rost gapirganman. Hozir ham qandaydir bahona yoki sabablarni aytmayman”, - dedi Oliveyra.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling