“Buxoro neft bazasi” MCHJning yetti nafar mansabdor shaxslari 8,5 mlrd soʻmlik neftni talon-toroj qilgani aniqlandi

Mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atildi

Foto: teznews

Foto: teznews

“Buxoro neft bazasi” tashkilotining 7 nafar mansabdor shaxslari va “Sity Kemping Bukhara” MCHJ sobiq rahbari va taʼsischisi davlat mulkini talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Buxoro neft baza” MCHJ sobiq bosh hisobchisi Gʻolib Komilov hamda boshqa mansabdor va moddiy javobgar shaxslari mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish orqali jamiyatning 8,5 mlrd soʻmlik neft mahsulotlarini oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Sobiq bosh hisobchisi jamiyatda yuritilgan “1-S” elektron dasturiga neft mahsulotlari uchun toʻlov amalga oshirilganligi haqida soxta maʼlumotlar kiritgan. U jinoiy sherigi Toʻlqin Murodov rahbarligida tashkil qilingan “Sity Kemping Bukhara” MCHJ va boshqa korxonalarga neft mahsulotlarini oldindan toʻlovlarsiz berib yuborish hamda “Buxoro neft baza” MCHJ hisob raqamidan moliyaviy yordam sifatida pul mablagʻlari koʻchirish orqali davlatning 3,3 mlrd soʻmlik mulkini talon-toroj qilib, oʻzlarining shaxsiy manfaatlari uchun oʻzlashtirib yuborgan.

Aniqlanishicha, “Sity Kemping Bukhara” MCHJ dastlab T.Murodov va Gʻ.Komilov taʼsischiligida tashkil qilingan, keyinchalik, jinoyat ishi qoʻzgʻatilgunga qadar jamiyatning ulushlari A.Toʻymurodovga (B.Atamuradovning oʻgʻli) va D.Toʻrayevaga (T.Murodovning turmush oʻrtogʻi), u esa opasi N.Toʻrayevaga oʻtkazgan.

Davlat va jamoat manfaatlariga juda koʻp miqdordagi zararni yetkazgan Gʻ.Komilov va T.Murodovga sudning ajrimiga asosan “qamoqqa olish tarzidagi” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Ayblanuvchilar tomonidan yetkazilgan zararning 5,3 mlrd soʻmi undirilib, 4 mlrd soʻmlik mol-mulklari, shu jumladan “Sity Kemping Bukhara” MCHJ nomidagi mulklari xatlangan.

Tergov natijasida, “Buxoro neft baza” MCHJning 7 nafar mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga JKning tegishli moddalari bilan ayblov eʼlon qilinib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan

Toʻlqin Murodov tergov organidan yashiringanligi sababli jinoyat ishining unga nisbatan qismi alohida ish yurituvga ajratildi.

U IIB tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 10-sentabrda Toshkent shahrida ushlanib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Hozirda, jinoyat ishining u va boshqalarga oid qismi boʻyicha tergov harakatlari ketmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling