Qo'qondagi qamoqxonada mahkum yurak kasalligidan vafot etdi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda

Foto: gov.uk

Foto: gov.uk

Qoʻqon shahar IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan mahkum yurak kasalligi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining 2022-yil 1-iyundagi hukmi bilan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va probatsiya hisobiga olingan mahkum oʻrnatilgan cheklovlarni buzib, belgilangan hududdan qochganligi aniqlangan. U 6-noyabr kuni Toshkent shahrida ushlanib, Qoʻqon shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Shuningdek, 8-noyabr kuni soat 02:56 larda mahkum oʻzini yomon his qilganligi uchun u bilan birga saqlanayotgan nazoratchi xodimlarni yordamga chaqirgan. Hibsxona xodimlari muassasaga oʻrnatilgan kuzatuv kamerasi orqali holatni koʻrib, zudlik bilan tez-tibbiy yordamga murojaat qilishgan. Muassasaga yetib kelgan tibbiyot xodimlari soat 03:16 da mahkumning oʻlimini qayd etgan.

Qoʻqon tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza boʻlimining 8-noyabr kunidagi dastlabki tashxisiga koʻra, marhumning oʻlimiga yurak surunkali ishemik kasalligi, yurak qon-tomirlarining oʻtkir yetishmovchiligi sabab boʻlgan. Marhumning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qoʻqon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling