Foto: Goal.com
Repost.uz nashri O'zbekiston va dunyo bo'yicha eng qiziq sport xabarlarini qisqa va tushunarli ko'rinishda bir joyga jamladi.
Shomurodov uchun kurashda yetakchilik qilayotgan klub nomi maʼlum boʻldi
Foto: Open source
“Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov yanvardagi transfer oynasi ochilganda klubni tark etishi mumkin.
Oʻzbekistonlik hujumchi 2021-yilning yozida “Jenoa”dan “Roma” tarkibiga oʻtgach, jami 48 ta oʻyinda 6 ta gol urdi va 6 ta assist qayd etdi.
La Gazzetta dello Sportʻning xabar berishicha, “Kremoneze” Shomurodov uchun kurashda favorit hisoblanadi. Klub hujumchini Alvini jamoasining hujumdagi salohiyatini kuchaytirish uchun ideal variant sifatida koʻrmoqda.
Ronaldu Saudiya Arabistoni klubiga o'tishi mumkin, u yerda o'zbekistonlik futbolchi ham bor
Foto: Open source
Qatardagi Jahon chempionatida erkin agent sifatida ishtirok etayotgan Ronaldu Saudiya Arabistoni klubiga qoʻshilishga yaqin turibdi.
Portugaliyalik yulduz Saudiya Arabistonining “Al Nassr” klubidan tushayotgan taklifni qabul qilish arafasida. Agar 37 yoshli forvard ushbu bitimga imzo cheksa, yiliga qariyb 172,9 mln yevro ishlab topishi mumkin boʻladi. Bu futbol tarixidagi eng yirik kelishuvga aylanadi.
Ronaldu yozda ushbu klubning qiziqishiga rad javobini bergan edi. Sababi u Chempionlar Ligasida ishtirok etadigan biror top-klub safiga borib qoʻshilmoqchi edi. Bu amalga oshmagach, Osiyo qitʼasi vakilining taklifini qabul qilgan koʻrinadi.
Ronalduning yangi bitimi 2,5 yilga tuzilishi aytilmoqda. Yevropa va MLSʻning biror klubi bunday yirik bitim taklif qila olmaydi.
“Al Nassr” Saudiya Arabistonidagi eng muvaffaqiyatli jamoalardan biri hisoblanadi. Ular 9 bor mamlakat chempioni unvoniga ega chiqqan. Eng oxirgi marta ushbu titul 2019-yilda qoʻlga kiritilgan.
Maʼlumot uchun, “Al Nassr”da Oʻzbekiston terma jamoasi yetakchisi Jaloliddin Masharipov ham toʻp tepadi.
Nodirbek Abdusattorov birinchi raqamli shaxmatchi Nakamurani magʻlubiyatga uchratdi
Hindistonda shaxmat boʻyicha “Tata Steel Chess India 2022” turniri boshlandi.
Ushbu musobaqada Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etmoqda.
Dastlabki turda Nodirbek hindistonlik Arjun Erigaisiga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Ikkinchi turda esa boshqa bir mezbon Sarin Nihal bilan durang qayd etildi. Uchinchi turda esa amerikalik Xikaru Nakamuradan ustun keldi.
Shu tariqa Nodirbek 3 ta turdan soʻng 1,5 ochko toʻplagan holda 5-oʻrinni egallab turibdi.
1-oʻrindan 3 ta urinishda 3 ochko jamgʻargan ozarbayjonlik Shahriyar Mamedyarov joy olgan.
Jahon chempionati oʻyinini tarixda ilk marta ayol hakam boshqarib boradi
Foto: Open source
Qatarda oʻtkazilayotgan Jahon chempionatida tarixda ilk marta ayol kishi bosh hakamlik qiladi. Erkaklar oʻrtasidagi Jahon chempionatida ilk marta bosh haqam sifatida ishlash fransiyalik hakam Stefani Frappar zimmasiga yuklatildi. Frapper uchinchi tur doirasidagi Kosta-Rika va Germaniya uchrashuvini boshqaradi.
Avvalroq, Frapper Meksika va Polsha uchrashuvida toʻrtinchi hakam vazifasini bajargandi.
Makgregor 2023-yilning yozigacha oktagonga qayta olmasligi aytildi
Foto: Open source
Konor Makgregor 2023-yil yozigacha jang qilmaydi.
Amerika Antidoping agentligi (USADA) rasmiylari ikki divizionda UFC sobiq chempioni, irlandiyalik Konor Makgregor hech qanday imtiyozdan foydalana olmasligi va toʻliq olti oylik sinov muddatini yakunlashi kerakligini aytdi.
“Makgregor USADA test sinovidan oʻtmagan va olti oy davomida u diqqat markazimizda boʻlishi kerak. Biz uning uchun istisno qilishga jiddiy sabab koʻrmayapmiz”, - dedi USADA kommunikatsiyalar boʻyicha vitse-prezidenti Averi Uoker.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling