Xorazmda mast haydovchi yo'l chetida turgan fuqaroni urib yubordi

Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari sababli shifoxonada vafot etgan

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanida yoʻl transport hodisasi sodir boʻldi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, hodisa 13-dekabr kuni soat taxminan 13:00 da 4R-165 avtomobil yoʻlining 19-kilometrida sodir boʻlgan. Unga koʻra, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda “Lacetti” mashinasini katta tezlikda boshqargan 38 yoshli haydovchi boshqaruvni yoʻqotishi oqibatida yoʻlning qarama-qarshi tarafiga oʻtib ketgan.

Natijada yoʻlning chetida toʻxtab turgan “Nexia” avtomashinasidan tushib turgan 35 yoshli fuqaroni urib yuborgan. Oqibatda jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari sababli shifoxonada vafot etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mast holda yoʻl transport hodisasi sodir etgan shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling