Foto: Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda “Qorakoʻlda “Cobalt” haydovchisi IIB xodimlari tomonidan yoʻli toʻsilishiga qaramasdan, yoʻlini toʻsgan boshqa bir “Cobalt”ni urib qochdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea 28-noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Qorakoʻl tumanida sodir boʻlgan. Unga koʻra, tuman IIB JXX XPB profilaktika inspektori oʻz boshqaruvida boʻlgan “Cobalt” rusumli mashinada Qorakoʻl tuman markaziy shifoxonasidan xizmat hududi “Paxtakor” mahallasi tomonga harakatlanib borayotgan boʻlgan.
Shu vaqtda tuman markaziy Dehqon bozori roʻparasida uning avtomashinasi orqasidan qora rangli “Cobalt” rusumli, yon oynalari qoraytirilgan davlat raqam belgisiz avtomashina kelib urgan va YTH sodir boʻlgan.
Shundan soʻng, profilaktika inspektori avtomashinadan tushib, “Cobalt” haydovchisiga toʻxtash ishorasini qilgan. Biroq, haydovchi IIB xodimining qonuniy talabiga boʻysunmasdan, profilaktika inspektorining boshqaruvidagi “Cobalt”ning old qismiga shikast yetkazib voqea joyidan nomaʼlum tomonga qochib ketgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv-surishtiruv harakatlari davomida mazkur haydovchi Qorakoʻl tumani “Quvvacha” mahallasida yashovchi 33 yoshli fuqaro ekanligi va oʻzining boshqaruvida boʻlgan mashinani Buxoro viloyati Olot tumani “Nurobod” mahallasida tashlab qochib ketganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan holda avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Shuningdek, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi hamda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling