Qozog'istonda o'zbekistonlik yigit boshqa shaxsning "Lexus" avtomashinasini olib qochdi

Aniqlanishicha yigit  mast holatda boʻlgan

Qozogʻistonning Olmaota shahrida mashina yuvish shaxobchasida ishlovchi 28 yoshli oʻzbekistonlik yigit mast holatda Lexus avtomobilini olib qochdi. Bu haqda “Politsia.kz” xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, shahar yoʻllarini bilmagan yigit qabristonga kirib qolgan va boshqaruvni yoʻqotib, qabrlar atrofidagi toʻsqilarga borib urilgan.

Haydovchini qabriston qorovullari payqab qolib, politsiyaga xabar bergan. Uchastka inspektorlari zudlik bilan yetib kelib, yashirinishga uringan erkakni qoʻlga olgan. Aniqlanishicha, u mast holatda boʻlgan.

“Mashina egasi oʻz avtomobilining bamperini boʻyatishga olib kelgan. Ustalar mashinani yuvishga qaror qilib, uni mashina yuvish shaxobchasiga olib borgan. Bu yerda ishlovchi xodim mashina kalitini qoʻlga kiritgan”, — deya xabarda.

Hozirda yigitga nisbatan Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 200-moddasi (avtomobil yoki boshqa transport vositasini qonunga xilof ravishda egallab olish) boʻyicha tergovga qadar tergov harakatlari boshlangan.

Bundan tashqari, Qozogʻiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 608-moddasi 6-qismi (alkogol, giyohvandlik yoki giyohvandlik holatida boʻlgan haydovchining transport vositasini boshqarishi) boʻyicha maʼmuriy ish yuritish materiallari toʻplangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling