Toshkentda tez yordam haydovchisini kaltaklab, mashinaga zarar yetkazgan yigit qamaldi — video

Ayblanuvchi mast holatda boʻlgani sabab nima qilayotganini anglamagan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Toshkent shahri Mirobod tumanida chaqiruv asosida borgan tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur voqea 2022-yilning 16-oktyabr kuni soat taxminan 19:00 larda tumanda joylashgan koʻp qavatli uylardan birining tashqarisida sodir boʻlgan.

Aniqlanishicha, 22 yoshli yigit spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda, koʻp qavatli uylarning tashqarisida shovqin koʻtargan va eshiklarni tepib, oʻzini oʻzi jarohatlagan. Uni koʻrgan aholi tuman tez tibbiy yordam boʻlimiga qoʻngʻiroq qilishgan.

Shundan soʻng, voqea joyiga yetib kelgan uch nafar tez yordam xodimlari 22 yoshli yigit tomonidan kaltaklab, tez yordam mashinasiga ham shikast yetkazgan.

Maʼlum qilinishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida tuman sudi sudyasi Rustam Rahmonov raisligida koʻrib chiqilgan ishda sudlanuvchi eʼlon qilingan aybga toʻliq iqror ekanini bildirgan.

Xabarga koʻra, sudlanuvchi tomonidan tez tibbiy avtomashinasiga jami 4 mln 392 ming 740 soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Sudlanuvchining aytishicha, mast holatda boʻlgani sabab nima qilayotganini anglamagan.

“Oʻzim juda koʻp ichib yuborganligim uchun aniq boʻlgan holatni eslolmayman. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman”, — deydi u.

Maʼlumotlarga koʻra, sud hukm bilan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan 22 yoshli yigit 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling