Avgust oyi oxirgi haftasida Toshkent shahar IIBB xodimlari poytaxtdagi mexmonxonalarda tongi soat 05:00 dan boshlab dam olayotganlarni uygo'tib, hujjatlarini tekshirgan. Bu haqda Dilshod Odilov o'zining facebook sahifasida xabar berdi.
Ma'lum bo'lishicha, ichki ishlar xodimlari ertalabki soat 05:00 da mehmonxonada uxlab yotgan mehmonlarni uyg‘otib, pasport ko‘rsatishni talab qilgan. Dilshod Odilov buning isboti o‘laroq, holatga oid videolarni e’lon qilishga ham tayyorlayotganini ta’kidlagan.
Foto: Facebook
«Dunyoning qaysi davlatida sizni kechasi uyg‘otib pasportingizni tekshirishgan? Bu kabi tekshirishlar hamma mehmonxonalarda bo‘lmoqda. Xavfsizlikni biz ham istaymiz. Lekin evi bilan tekshirish kerak-da! Bunaqada turistlar oldida sharmanda bo‘lamiz. O‘zi bir nechtasiga sharmanda bo‘lib bo‘ldik: „Davlatingiz sizlarning elektron ro‘yxatga qo‘yganingizga ishonmaydimi?“, deyishyapti. Prezidentimiz turizmni rivojlantiringlar demoqda, bu yoqda esa turizmga zarar berish uchun qo‘ldan kelganini qilishyapti», — deydi bir necha mexmonxonalar meneyjeri Dilshod Odilov.
Foto: Facebook
Dilshod Odilov o'zi joylagan ushbu rasmga shunday izoh yozgan: "Bu Bangladeshlik mehmon davlatiga borib, do'stlariga O'zbekistonni tavsiya qiladimi? Nima deb o'ylaysizlar".
Foto: Facebook
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov holat yuzasidan munosabat bildirgan.
"Huquqni muhofaza qilish organlarining barcha harakatlari o‘rnatilgan tartibda va belgilangan qonunchilik doirasida bajariladi. Xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq zaruriy tekshiruvlar ayrim fuqarolarga ma’lum darajada noqulaylik keltirishi tabiiy holat, lekin butun dunyoda bunday choralar odatiy va to‘g‘ri qabul qilinadi.
Shunda ham xodimlarning harakatlaridan norozi fuqarolar o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklarini eslatib o‘tamiz", - deydi Shoxruh G‘iyosov.
Biroq Shohrux G‘iyosov bir qancha savollarni ochiq qoldirgan.
Jumladan, IIV rasmiy vakili mazkur tekshiruvlar qaysi rasmiy hujjat yoki kimning buyrug‘i asosida o‘tkazilayotgani, joriy yilda mehmonxonalarda olib borilgan tekshiruvlar davomida qancha turist xavfli odam, deb topilgani, bu kabi tadbirlar boshqa turistik hududlar — Samarqand, Buxoro va Xivada ham o‘tkazish rejasi bor yoki yo‘qligi, O‘zbekiston hududiga kirishda kuchli nazoratdan o‘tgan turistlarning mehmonxonada yana qaytadan hujjatlari teshkirilishi huquqiy va mantiqiy jihatdan qanchalik to‘g‘riligi kabi savollarni izohsiz qoldirgan.
Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmonboyevaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga xat kiritilgan.
"Ichki ishlar vazirligiga holat bo'yicha tushuntirih so'rab hamda turizm sohasi subyektlari faoliyatida o'rganish faqatgina shikoyat mavjud bo'lgan hollarda va aniq belgilangan vaqt davomida mehmonxonada bo'lgan sayyohlarda va mehmonxona faoliyatiga xalaqit bermagan holda o'tkazilishi bo'yicha xat kiritildi", — deydi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot kotibi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling