Hindistonlik tadbirkor Ortiqxo'jayevni shantajda aybladi. Toshkent hokimligi bunga munosabat bildirdi

Shahar ma'muriyati huquqiy bahosiz ayblovlarni davlat xizmatchisini obro'sizlantirish, deb hisobladi

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Minerva World of Knowledge kompaniyasi asoschisi Murari Lal Jalan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevni shantajda aybladi. Bu haqda u “Kun.uz”ga bergan intervyusida aytib oʻtgan.

Qayd etilishicha, 2018-yil sentyabr oyida MJ Developers Oʻzbekiston hukumati bilan 100 million dollarlik shartnoma imzolagan. Shundan soʻng toʻrtta yirik loyiha: Buxoroda besh yulduzli mehmonxona, soʻngra Namanganda Namangan Square “Yashil shahar”, Toshkentda Minerva city majmuasi va Bektemir tumanida Lake city sunʼiy koʻliga investitsiyalar kiritila boshlangan.

Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, Buxoro va Namanganda loyihalar muammosiz amalga oshirilmoqda. 2020-yilda tarkibida maktablar, kollejlar va “jahon darajasidagi” universitetlar boʻlgan Minerva city majmuasi qurilishi boshlandi. Buning uchun poytaxtning Yangihayot tumanida 15 ming xonadonga moʻljallangan turar-joy binolari, bolalar bogʻchalari, yashil sayr maydonchalari, istirohat bogʻlari, bolalar maydonchalari, poliklinikalar, mehmonxonalar, yoqilgʻi quyish shoxobchasi, savdo markazlari, klabxauslar barpo etish moʻljallangan 100 gektar maydon ajratilgan.

Birinchi sanab oʻtilgan loyihalarni amalga oshirishda hech qanday muammo yoʻq edi. Biroq Minerva citydagi ishlar toʻxtatildi, shu sababli yangi binolardan kvartira sotib olish uchun pul toʻlagan fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy ravishda shikoyat qila boshladilar. Hindistonlik tadbirkorning soʻzlariga koʻra, Lake-City va Minerva city loyihalariga 34 million dollar sarmoya kiritilgan. Shu bilan birga, kompaniya loyihalarning bosh rejasini olmagan.

“Men bu borada Toshkent shahar hokimi bilan uchrashishni soʻradim, ammo hokim bu taklifni rad etdi. Shundan soʻng, prokuratura, ekologiya, yongʻin xavfsizligi kabi davlat organlari xodimlari kutilmaganda quruvchilarning ishiga aralasha boshladi”, — deydi tadbirkor.

Uning taʼkidlashicha, shahar hokimining maslahati bilan qurilish kompaniyalari hindistonlik investor kompaniyasi bilan shartnoma tuzishdan voz kechishmoqda.

Tadbirkorning soʻzlariga koʻra, 2021-yil martida Jahongir Ortiqxoʻjayev uni hokimiyatga chaqirib, goʻyoki shantaj qilgan.

“Menga 2 ta yoʻl qoldirishdi: yo loyihalarimdan birini, masalan, Bektemirdagi Lake City loyihasini amalga oshirishdan rasman voz kechishim, yoki depozit sifatida 100 mln dollarni bankka joylashim kerak edi. Men hokimga kelishuvdan tashqari hech kim yangi talablar qoʻymasligini, tadbirkor sifatida 7 yil ichida sarflanishi kerak boʻlgan pulni kimningdir hojati uchun oldindan joylashtirish qiyinligini tushuntirdim”, — deya tasdiqladi u.

Tadbirkor hokim agar oʻz xohishi bilan shu ishdan birini qilmasa, Minerva city va boshqa barcha loyihalar undan olib qoʻyilishi, Oʻzbekistonda kun kechirishi qiyin boʻlishini aytganini taʼkidladi.

“Boshida shartnomani imzolayotganimizda, barcha kelishuvga amal qilinishi va majburiyatlar bajarilishi vaʼda qilgandi, endi esa hokim bu mamlakatda shartnomalar hech qanday rol oʻynamasligini taʼkidlamoqda”, — dedi u.

Toshkent hokimligi matbuot xizmati ushbu intervyuga munosabat bildirdi va huquqiy bahosiz ayblovlarni davlat xizmatchisini obroʻsizlantirish deb atadi.

“Kun.uz tahririyati tomonidan tayyorlangan va tarqatilayotgan Minerva city kompaniyasi vakili Murali Lal Jalanning intervyusida Toshkent shahar hokimiga nisbatan aytgan gaplari huquqiy baho berilmagunga qadar davlat xizmatchisini obroʻsizlantirishga qaratilgan deb hisoblaymiz” — deyiladi hokimlik bayonotida.

Qayd etilishicha, Murali Lal Jalanning gaplarini asosli yoki asossizligini tekshirish uchun va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora koʻrishlarini soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilinadi.

Shuningdek, hokimlik Bosh prokuratura tomonidan ushbu holat qonuniy asosda oʻrganib chiqilgunga qadar, asossiz maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling