Foto:The Telegraph
Jahon chempionatining dastlabki finalchisi maʼlum boʻldi. Argentina terma jamoasi yarim finalda Xorvatiyaga qarshi maydonga tushib, yirik hisobda magʻlub etdi.
Yevropaliklar bahsning dastlabki yarim soati davomida juda yaxshi oʻyin koʻrsatishdi. Ular ustunlikka erishgan holda Argentinani butun jamoa boʻlib himoyalanishga majbur etishdi.
Ammo 34-daqiqada berilgan birgina aniq pas koʻp narsani hal qilib qoʻydi. Maydon markazidan berilgan uzatma natijasida Alvares darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, toʻpni posbonning yonidan oʻtkazib, darvoza tomon tepdi. Toʻpni Lovren qaytarib qoldi, biroq Livakovich hujumning davomida Xulianga nisbatan fol ishlatgani uchun penalti belgiladi. Messi esa kuchli zarba bilan hisobni ochdi va Mundialdagi gollari sonini 5taga yetkazib qoʻydi.
Oradan 5 daqiqa oʻtib esa Xulian Alvares kutilmagan reydni amalga oshirdi, yoʻl-yoʻlakay ikki himoyachi bilan toʻqnashuvda unga omad kulib boqdi va u darvozani ishgʻol qildi — 2:0!
Xorvatiya ikkinchi boʻlimda maydonga vaziyatni oʻnglash uchun chiqdi, ketma-ket hujumlar tashkil qildi, tashabbusni qoʻlga kiritdi. Ammo uchrashuvning 69-daqiqasida Messi oʻyin taqdirini hal qilib qoʻydi. Leo himoyachi Yoshko Gvardiolni bir necha marta dogʻda qoldirib raqib jarima maydoniga kirib bordi va Xulian Alvaresga pas berdi. Xulian yaqin masofadan darvozani ishgʻol qilib, dublga erishdi hamda JCH-2022ʻdagi gollari sonini 3taga yetkazdi.
Oʻyin oxirigacha Lionel Skaloni jamoasi raqibga deyarli imkon bermadi va yirik hisobdagi gʻalabani saqlab qoldi.
Shu tariqa, Argentina terma jamoasi Qatardagi Mundialning ilk finalchisiga aylandi. Ikkinchi finalchi nomi ertaga boʻlib oʻtadigan Marokash-Fransiya bahsidan keyin maʼlum boʻladi. Xorvatiya esa bronza medali uchun bahsda ishtirok etadi.
Argentina – Xorvatiya 3:0 (2:0, 1:0)
13-dekabr, 23.59, “Lusail Iconic Stadium”
Gollar: 1:0 – 34, penalti Messi, 2:0 – 39 Alvares, 3:0 – 69 Alvares.
Argentina – Martines, Molina (Foyt, 86), Otamendi, Romero, Talyafiko, De Pol (Palasios, 74), Mak Allister (Korrea, 86), Paredes (Martines, 62), Fernandes, Messi, Alvares (Dibala, 74).
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Lovren, Gvardiol, Sosa (Orshich, 46), Modrich (Mayer, 81), Kovachich, Brozovich (Petkovich, 50), Perishich, Pashalich (Vlashich, 46), Kramarich (Livaya, 72).
Ogohlantirishlar: Livakovich (32), Kovachich (32), Romero (68), Otamendi (71).
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling