Foto: IIV
Toshkentda 19 yoshli qiz metroga tushish jarayonidagi tekshiruvda metropoliten xodimlariga sumkasida bomba borligini aytgan. Bu haqda IIV Transport va turizm ob’yektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti Axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 22-oktyabr kuni “O‘zbekiston” metropolitenining “Alisher Navoiy” bekatida 19 yoshli qiz avtomatik o‘tkazish punktining birinchi vestibyulida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi tomonidan to‘xtatilgan.
Xodim qizdan uning sumkani ko‘rishni so‘raganida, u sumkasida bomba borligini aytgan. Ko‘rsatmalarga ko‘ra, MXTB xodimlari zudlik bilan yaqin atrofdagi hududni o‘rab olgan va voqea haqida navbatchilik bo‘limiga xabar bergan. Shundan so‘ng voqea joyiga IIV Maxsus operasiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan.
Aniqlanishicha, qiz vaqtincha hibsga olingan. Qizning sumkasini ko‘zdan kechirish chog‘ida undan portlovchi moslama topilmagan. Shundan so‘ng dalolatnoma tuzilgan. Xodimlar qizdan nima uchun sumkasida bomba bor deb aytganini so‘raganida, qiz kayfiyati yaxshiligini va shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytgan.
Hozirda fuqaro xodimlar tomonidan Shayxontohur tumani 3-sonli IIBga olib ketilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling