Toshkentda atrof-muhitni ifloslantirgan korxonalardan 15,5 mlrd so'm kompensatsiya undirilib, 15 ta korxona faoliyati to'xtatildi

Qonun buzilishi holatlari yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan 411 mln soʻm jarimalar belgilangan

Foto: Davlat ekologiya qo'mitasi

Foto: Davlat ekologiya qo'mitasi

Toshkent shahridagi atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi 15 ta korxona faoliyati ekologik talablar toʻliq bajarilgunga qadar toʻxtatildi. Bu haqda 27-oktyabr kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi Narzulla Oblomuradovning taʼkidlashicha, atrof-muhitga taʼsiri yuqori va oʻrta boʻlgan korxona hamda tashkilotlar faoliyati ustidan monitoring ishlari olib borilmoqda.

“Soʻnggi ikki yilda monitoring dasturiga kiritilgan korxonalar soni qariyb ikki barobarga ortib, qamrab olingan korxonalar soni 800 taga yetdi. Toshkent shahrining oʻzida 63 ta obyektda monitoring nazorati amalga oshirilmoqda”, — dedi Nazrulla Oblamurodov.

Toshkent shahrida 2022-yilning o'tgan davrida 60 dan ziyod subyektlarda ekologik nazorat tadbirlari oʻtkazilgan. Atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 13,5 mlrd soʻmdan ortiq, atmosfera havosiga meʼyoridan ortiq ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik uchun esa 2 mlrd soʻmdan ziyod kompensatsiya toʻlovlari belgilangan.

“Poytaxtda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi 22 ta korxona faoliyatini toʻxtatish boʻyicha sud organlariga tegishli xujjatlar kiritildi. Shundan bugungi kungacha 15 ta korxona faoliyati ekologik talablar toʻliq bajarilgunga qadar toʻxtatildi”, — dedi qoʻmita raisi.

Uning qayd etishicha, Oʻzbekiston boʻyicha 2022-yilning to'qqiz oyida 648 ta subyektda ekologik nazorat tadbirlari oʻtkazilgan. Atrof-muhitni meʼyoridan ortiq ifloslantirganlik uchun 49,5 mlrd soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlovlari belgilangan.

“Shundan, atmosfera havosiga meʼyoridan ortiq ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik uchun 9,5 mlrd soʻm miqdorida kompensatsiya toʻlovlari hamda qonun buzilishi holatlari yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan 411 mln soʻm jarimalar belgilangan”, — dedi Narzulla Oblomuradov. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling