Foto: Open source
Fransiya shaharlarida tanglik ortib borayotgani oqibatida politsiya va futbol muxlislari oʻrtasida toʻqnashuv yuz bermoqda. Bu haqda "Le Figaro" nashri maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Qatarda boʻlib oʻtgan Jahon chempionati finalida terma jamoaning magʻlubiyatidan hafsalasi pir boʻlgan fransuzlar Parij, Nissa, Bordo va Nant koʻchalariga chiqqan.
Maʼlumotlarga koʻra, Nissada futbol ishqibozlari politsiyachilarga shisha idishlarni uloqtirmoqda. Bunga javoban huquq-tartibot organlari xodimlari koʻzni yoshlantiruvchi gazlardan foydalanyapti.
Shuningdek, Parijdagi Yelisey maydonida ham bir nechta toʻqnashuvlar sodir boʻlgani va olamonni quvib yuborish uchun politsiya kelgani maʼlum qilingan. Fransiyaning boshqa shaharlarda olingan suratlarda politsiya mikroavtobuslari yoʻllarni yopib qoʻyganini koʻrish mumkin.
18-dekabr kuni oʻtkazilgan futbol boʻyicha Jahon chempionati finalida Argentina Fransiyani penaltilar boʻyicha magʻlub etdi (4:2), asosiy oʻyin 2:2 hisobda yakunlandi, qoʻshimcha vaqtda esa hisob 3:3 boʻlgandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling