Toshkent viloyatida XVII asrga tegishli tangalar topildi

Tangalarning ayrimlarida "zarb Toshkent" yozuvlari tushirilgan

Foto: Madaniy meros agentligi matbuot xizmati<br>

Foto: Madaniy meros agentligi matbuot xizmati

Toshkent viloyati Parkent tumanida XVI asr oxiri — XVII asr boshlariga oid 939 dona tanga topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ushbu tangalar Xo'ja mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan topib olingan.

Ma'lum qilinishicha, tangalar mutaxassislar tomonidan o'rganilgan.

Tangalarning dastlabki ekspertizasi natijasiga ko'ra, ularning har ikki tomonidagi sirtlari uzoq vaqt davomida nam tuproq aralashib yer ostida nam tuproqqa qorishib chiriganligi natijasida tekislanib ketgan.

Shuningdek, tangalarning ayrimlariga qayta ishlov berilib, tozalangandan keyin ularda doira shakldagi halqa va uning ichiga arab harflaridagi yozuv bitilganligi maʼlum boʼlgan.

Xabarga ko'ra, tangalardan ayrimlarining bir tomonida "zarb Toshkent" deb yozilgan, ammo ikkinchi tarafidagi yozuvlarni o'qib bo'lmagan.

Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu xazina 16-asr oxiri 17-asr boshlariga tegishli. Shuningdek, tangalardan tashqari kuygan gʻishtlar, koʻk va sirlanmagan idish parchalari topilgan.

"Tangalar O‘zbekiston muzeylari ekspozitsiyalarida munosib o‘rin egallaydi va ularni ilmiy jihatdan o‘rganish mamlakat tarixining ayrim qirralarini to‘ldirishga xizmat qiladi", — deyiladi xabar matnida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling