Foto: Repost.uz
21-dekabrdan boshlab Shukurjon Gʻoipov Toshkent xalqaro aeroportiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi qarori bilan aeroport direktori lavozimini tark etgan Mirzohid Tursunov oʻrniga Toshkent xalqaro aeroporti direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Maʻlum qilinishicha, Shukurjon Gʻoipov Oʻzbekiston Milliy universitetining siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Toshkent aeroportida havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻlimida muhandis sifatida boshlagan. 2018-yildan hozirgacha “Toshkent-1” hukumat terminali rahbari lavozimida ishlab kelgan.
Eslatib oʻtamiz, Uzbekistan Airports AJ respublikaning 11 ta xalqaro aeroporti boshqaruvini amalga oshiruvchi kompaniya hisoblanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling