Gulnora Karimova noqonuniy orttirgan aktivlari O'zbekistonga qaytariladi

131 million dollar Shveytsariyadan O'zbekistonga qaytariladi

Foto: Lenta ru

Foto: Lenta ru

O‘zbekiston Adliya vazirligi 16-avgustda Bern shahrida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarish bo'yicha bitim imzolanganini xabar qildi.

Ma'lum bo'lishicha, bitimni O‘zbekiston nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Shveytsariya nomidan ushbu mamlakat prezidenti I.Kassis imzolagan. Bitimni imzolash marosimida, shuningdek, BMT vakillari ham ishtirok etgan.

Bitimning imzolanishi ilgari Gulnora Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveytsariyada legallashtirilgan 131 million AQSH dollarining Shveytsariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:

  • ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
  • ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
  • qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
  • O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.

Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan loyihalar BMTning O‘zbekistondagi tegishli idoralari tomonidan O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda amalga oshiriladi. Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling