"Minerva City"dan uy olish uchun to'lov qilgan 200 dan ortiq fuqaro "kuyib qolgani" aytilmoqda — video

"Minerva World of Knowledge" mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav fondi atiga 12,8 mln so'mni tashkil qilgan

Minerva City ko'rinishi, Videodan lavha

Minerva City ko'rinishi, Videodan lavha

Bir nechta davlatlarda qidiruvda bo’lgan aka-uka Guptalar "Minerva City" loyihasini Toshkent shahar hokimiyatiga taqdim qilgan edi. Ularga 100 gektar yer berilgan, ochilish marosimida hokimning o’zi ishtirok etgan. 

Hozirda qurilish to'xtab, fuqarolar qilgan to'lovlariga "kuyib qolganliklari" aytilmoqda.

Aytilishicha, Zanngiota tumani hokimlari tomonidan 100 gektar ajratib berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilingan. Toshkent shahar hokimligi ushbu yerlarda qurilishga ruxsat bergan. Unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari, Toshkent viloyati prokuraturasiga koʻra, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq rasmiylashtirilmagan. Viloyat hokimining yer ajratish toʻgʻrisidagi qarori Bosh vazir xatini asos qilib qabul qilingan.

Keyinchalik, Toshkent viloyat prokurori ushbu qarorlarni haqiqiy emas deb topish uchun Nurafshon tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilgan. Sud arizani qanoatlantirgan. Shundan soʻng Toshkent viloyati maʼmuriy sudi ishni apellyatsiya tartibida koʻrib chiqadi, birinchi instansiya qarorini oʻzgarishsiz qoldiradi. Oliy sud maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati ham ikkala sud qarorini ham oʻzgarishsiz qoldiradi.

Maʼlum boʻlishicha, "Minerva World of Knowledge" MCHJ ulushdorlik huquqi asosida 202 nafar fuqarodan 16,5 mlrd soʻmlik ulushdorlik badallarini qabul qilib olgan. Hozirda qurilish to'xtagan, fuqarolar esa o'z pullarini qaytarib ololmayapti.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, "Minerva World of Knowledge" mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav fondi atiga 12,8 mln so'mni tashkil qilgan.

"OCCRP" ma’lumotlariga ko‘ra, aka-uka Guptalar qonunlarni buzganlikda, mablag‘larni o‘zlashtirish va korrupsiya orqali hukumatning foydali tenderlarida g‘olib chiqishda, qora tanlilarga yordam berish bo‘yicha hukumat dasturidagi mablag‘larni o‘zlashtirganlikda va boshqa qonunbuzarliklarda ayblanib, Janubiy Afrika respublikasi tomonidan qidiruvga berilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling