Foto: Rahmonjon Mamadaliyev
Namanganda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligida davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha kengaytirilgan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.
Selektor tartibida o‘tkazilgan yig‘ilishda sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, maslahatchilari, shahar va tuman sektor rahbarlari, viloyat boshqarmalari, shahar va tuman tashkilotlari rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Yangi Namangan tumani hokimi Jobir Abdullayevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan so‘kingan audiosi muhokama qilindi. Hokim mazkur audioyozuvda tadbirkorni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan.
“Hokimning bu qilig‘ini aslo oqlab bo‘lmaydi. Bunday mavqedagi davlat xizmatchisi aslida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi kerak. Jumladan, muomala, aholi bilan munosabat borasida ham. Namanganliklar farzandlarini ham sizlab gapiradi axir”, — dedi viloyat hokimi.
Yig‘ilishda Jobir Abdullayevga hayfsan berilib, uch oy muddatga barcha turdagi rag‘batlantirishlardan mahrum qilindi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling