Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan nogironligi fuqarolarga murojaat yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Dunyoning boshqa mamlakatlarida boʻlgani kabi mamlakatimizda ham keng nishonlanadigan ushbu kunda 1 millionga yaqin imkoniyati cheklangan fuqarolarimizga samimiy hurmat va ezgu tilaklarimni izhor etaman”, — deydi prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev mamlakatda barcha fuqarolar teng imkoniyatlarga ega boʻlgan inklyuziv jamiyat yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼkidlagan.
“Shu asosda biz oʻz oldimizga nogironlikni belgilash boʻyicha uzoq vaqtdan beri eskirgan tibbiy modeldan umumeʼtirof etilgan ijtimoiy modelga bosqichma-bosqich oʻtishni muhim vazifa qilib qoʻyganmiz”, – deydi davlat rahbari.
Maʼlum qilinishicha, bundan buyon bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, jamoat transporti, axborot va kommunikatsiya vositalarini ishlab chiqarishda ulardan toʻsiqsiz foydalanish va nogironligi boʻlgan shaxslarning foydalanish imkoniyatlariga ustuvor ahamiyat beriladi.
Shu bilan birga, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya-protezlash markazlari bilan qamrab olishni ikki baravar oshirish ishlari amalga oshiriladi. Hududlardagi 10 ga yaqin ana shunday markazlar kengaytirilib, zamonaviy tibbiy-reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlanadi.
“Ishontirib aytmoqchimanki, imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz oʻzini yolgʻiz his qilmasligi, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallashi, hayotning barcha jabhalarida yanada faol boʻlishi, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz”, — deya qoʻshimcha qilgan Shavkat Mirziyoyev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling