Foto: Andijon IIB matbuot xizmati
Andijon viloyati Asaka tumanida IIB xodimi oʻz mashinasida ikki nafar piyodani urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea 9-dekabr kuni soat taxminan 22:00 larda Asaka tumani, Qashqar MFY hududidan oʻtuvchi 4R-112E avtomobil yoʻlining 2-kilometrida sodir boʻlgan.
Unga koʻra, Andijon viloyati IIB JXX YHXB xodimi “Spark” mashinasida mazkur yoʻldan harakatlanib ketayotgan vaqtda avtomobil koʻprigi ustidagi muzlamada transport vositasi sirpanib ketgan. Natijada haydovchi rul boshqaruvini yoʻqotib qatnov qismining chetidan ketayotgan ikki nafar piyodani urib yuborgan.
Mazkur hodisa oqibatida 28 yoshli piyoda olgan tan jarohatlari sabab shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, 18 yoshli piyoda esa tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 266 - moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling