Foto: sifatliuz
Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohida saqlanayotgan Qur'oni Karim kitobing qo'lyozma nusxasi o'g'irlab ketilgan. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 2022-yilning 9-avgust kunidan 10-avgust kuniga o'tar kechasi soat 00:04 da noma'lum shaxslar Chortoq tumani Baliqko'l MFYda joylashgan “Sulton Uvays Qaraniy” ziyoratgohida mavjud bo'lgan Qur'oni Karim kitobining qo'lyozma nusxasini o'g'irlab, noma'lum tomonga yashiringan.
Mazkur holat Namangan viloyati prokuraturasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan nazoratga olinib, Chortoq tumani IIB huzuridagi Tergov bo'linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v”,“g” bandlari (5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
O‘g‘irlangani aytilayotgan Qur’oni Karimning qo'lyozma nusxasi to‘liq ipak matodan tayyorlangan bo‘lib, u 1874-yilda yozib tugatilgan. Kitobning bo‘yi 74 santimetr, eni 51 santimetr va qalinligi 12 santimetr bo‘lgan. 426 betdan iborat kitobning har bir betiga 13 qatordan oyatlar yozilgan.
Qo‘lyozma Mavlono Xoja Lutfulloh Chustiy xonaqohi va mozoriga daxldor hisoblanadi. U 1995-yilgacha Qirg‘izistonning O‘zgan shahrida, Toshkentda imomlik qilgan va yashagan Eshonxon Oqilov xonadonida saqlangan. 1995-yilda kitobni namanganlik Kamolxon Muhiddinov o‘z yurtiga olib kelgan. 2017-2019 yillarda, Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi ta’mirlangandan so‘ng qo‘lyozma o‘sha yerga olib chiqib qo‘yilgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling