Antimonopoliya qo'mitasi benzin narxini oshirgan AYOQShlarni ogohlantirdi

Ayrim hududlaridagi AYOQSHlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari oʻrtacha 6 800 soʻmdan 7 100 soʻmgacha oshganligi kuzatilmoqda

Foto: Teznews

Foto: Teznews

 Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi benzin narxini oshirayotgan AYOQShlarni ogohlantirdi. Bu haqda qoʻmita axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 5-dekabr kuni birja savdolari natijasiga ko‘ra Ai-80 benzin mahsulotining narxi 1 tonna uchun o‘rtacha narxi 8 mln so‘mni tashkil etib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan noyabr oyiga nisbatan 4 foizga oshgan. Bunda tadbirkorlik subyektlari tomonidan xarid qilingan benzin o‘rtacha 5-10 kundan keyin yuklab jo‘natiladi va sotuvga chiqariladi. Ya’ni, birja savdolarida kuzatilgan narx o‘sishi 10 kundan keyin AYOQShlardagi chakana narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

"Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan avtomobil benzini narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, birja savdolariga qo‘yiladigan Ai-80 markali benzinning kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda", deyiladi xabarda.

Xususan, 5-dekabrdan boshlab birja savdolariga qo‘shimcha 1 ming tonna Ai-80 benzini qo‘yilishi ta’minlandi.

“Shu munosabat bilan, respublikadagi barcha AYOQShlardan xalqimizni gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik yopilishi evaziga benzinga bo‘lgan talab oshganligi sababli asossiz qo‘shimcha daromad olish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari so‘raladi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxlari doimiy monitoring qilib borilishini va narxlarni sun’iy ravishda oshirish holati aniqlangan taqdirda ushbu subyektlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qiladi”, — deya qayd etilgan qo‘mita ogohlantirishida.

Xabarda keltirilishicha, Oʻzbekistonning ayrim hududlaridagi AYOQShlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari oʻrtacha 6 800 soʻmdan 7 100 soʻmgacha oshganligi kuzatilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling

So`nggi xabarlar

Yangiliklar