Foto: gp.gov.ua
Ukrainaning Odessa shahri prokuraturasi ekotsid fakti — Rossiya tufayli dengiz hayvonlarining ommaviy nobud bo'lishi bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atdi. Bu haqda Ukraina Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Odessa viloyati plyajlarida ko'plab o'lik dengiz sutemizuvchilari topilgan. Ularning o'limiga Rossiyaning suv osti kemalarida sonarlardan (gidrolokator) foydalanishi sabab qilib keltirilgan.
“Sonarlar hayvonlarning sog'lig'iga salbiy ta'sir ko'rsatadigan kuchli tovushlarni chiqaradi”, — deyiladi xabarda.
Hozirda mutaxassislar qirg'oqlarda topilgan o'lik dengiz cho'chqalari va oddiy delfinlarda tekshiruv o'tkazgan. Tadqiqot uchun namunalar hayvonlarning ichki qulog'i tuzilmalarini maxsus o'rganish uchun Italiyaning Padua universitetiga, shuningdek, Germaniyaning Gannover universitetiga yuboriladi.
Ukraina, shuningdek, Bolgariya, Turkiya va Ruminiyaga sutemizuvchilarning o'lim holatlarini aniqlash uchun so'rovlar tayyorlamoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling