Foto: Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangarondagi gaz quyish shoxobchasida janjal aks etgan videolar tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea avtomobillarga gaz quyish jarayoni yoki u yerda navbat talashgan haydovchilar bilan bogʻliq emasligi aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, holat Ohangaron tumani “Shodmalik” mahallasida oʻtkazilgan toʻy marosimida sodir boʻlib, xonadonga mehmon sifatida kelgan kuyovning joʻralari va kelinning sinfdosh doʻstlari tadbirda oʻzaro tortishib qolgan.
Shundan soʻng, ular toʻy boʻlayotgan xonadon yaqinida joylashgan, hozirgi kunda taʼmirlash ishlari sabab ish faoliyatida boʻlmagan gaz quyish shoxobchasi hududiga oʻtib, bir birlari bilan urishib, janjallashgan. Ushbu voqea yuzasidan hududiy ichki ishlar boʻlimiga biror xabar kelib tushmagan.
Xabarga koʻra, hozirda janjalda ishtirok etganlarning barchasi oʻrnatilgan tartibda jinoyat ishiga jalb etilib, tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling