Foto: Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Furqat Sidiqov 29-noyabr kuni Amerika Qoʻshma Shtatlarining mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xennikni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida Oʻzbekiston—Amerika strategik sheriklik munosabatlarinining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqilgan. Shuningdek, tomonlarning faol va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirishga tayyorligi qayd etilgan.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va AQSH Strategik sheriklik muloqotining navbatdagi yigʻilishi bilan bogʻliq tashkiliy va mazmunli jihatlar muhokama qilingan. Savdo, investitsiya, innovatsiya, qishloq xoʻjaligi, energetika va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash boʻyicha takliflar koʻrib chiqilgan.
Elchi AQSH maʼmuriyatining Oʻzbekistonga moliyaviy-texnik koʻmak berish va pandemiyaga qarshi kurashda har tomonlama yordam koʻrsatishni davom ettirishga tayyorligini maʼlum qilgan.
Shu bilan birga, mintaqaviy hamkorlik masalalariga, xususan, “C5+1” muloqot formati doirasidagi aloqalarga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xabarga koʻra, uchrashuv doirasida Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan. Oʻzbekistonning afgʻon xalqiga koʻmaklashish va qoʻshni mamlakatda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlari yuksak baholandi.
Qoʻshimcha qilinishicha, mazkur uchrashuvda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Oʻzbekistondagi missiyasi direktori Mikela Meredit ham ishtirok etgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling