Foto: RIA Novosti
Moskvaning “Lomonosovskiy” munitsipal okrugi deputatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putindan iste’foga chiqishni so‘radi. Murojaat okrug saytida e’lon qilindi.
Murojaatda aytilishicha, hokimiyat almashinuvi mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
"Ikkinchi muddatdan keyin Putin uchun hamma narsa noto‘g‘ri ketdi: YaIM ikki baravar ko‘paymadi, eng kam ish haqi e’lon qilingan ko‘rsatkichga mos oshmadi, aqlli va mehnatkash odamlar Rossiyani ommaviy ravishda tark etdi, va’da qilingan barqarorlik ko‘rinmayapti" — deyiladi murojaatda.
Deputatlarning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya hukumatining ritorikasi “toqatsizlik va tajovuzkorlik” bilan to‘lib-toshgan, shu sababli mamlakatda “qo‘rquv va nafrat” paydo bo‘la boshlagan.
Ularning fikricha, Putinning qarashlari va uning boshqaruv modeli eskirgan va Rossiya taraqqiyoti va inson salohiyatiga to‘sqinlik qilmoqda. Shu munosabat bilan ular Rossiya prezidentidan “o‘z lavozimidan ozod etishni” so‘rashgan.