Qashqadaryoda madaniy meros obektlariga 6 mlrd so'mdan ortiq zarar yetkazilgan

500 dan ziyod madaniy meros meros obektlaridan foydalanishda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan

Foto: Bosh prokuratura<br>

Foto: Bosh prokuratura

Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda Qashqadaryo viloyatida joylashgan madaniy meros obektlarining saqlanishi, tiklanishi, taʼmirlanishi ahvoli oʻrganildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, viloyatda joylashgan 1 468 ta madaniy meros obektlari tanlov asosida bevosita joyida oʻrganilganda, 500 dan ziyod madaniy meros meros obektlaridan foydalanishda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan.

Shuningdek, 11 ta arxeologiya merosi obektlariga 6 mlrd soʻmga yaqin zararlar yetkazilganligi aniqlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Jumladan, Qarshi tumanida joylashgan V-VIII asrlarga oid “Doʻngtepa”, “Nomsiztepa” va “Avliyotepa” arxeologiya merosi obektlari qisman buzilishi oqibatida obektlarga 1 mlrd 488 mln soʻmlik zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, oʻrganishda madaniy meros obektlariga noqonuniy oʻrnatilgan 5 ta tashqi reklama bannerlari olib tashlangan. Shu bilan birga, ijara shartnomasi tuzmasdan madaniy meros obektidan foydalanib kelayotgan 10 nafar tadbirkorning faoliyati qonuniylashtirilishi, 11 ta madaniy meros obektlaridagi noqonuniy qurilmalar buzib tashlanishi taʼminlangan.

Mazkur holat yuzasidan, 37 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi va sudlarga 7 ta ariza kiritilgan.

“Nazorat tadbirlari boshqa viloyatlarda ham davom etmoqda”, — deyiladi prokuratura xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling