O'zbek ayollari nechta farzand ko'rishni xohlaydi?

Koʻp hollarda oliy maʼlumotli ayollar bir oila uchun ikki farzand yetarli deb hisoblaydi

Foto: Repost.uz<br>

Foto: Repost.uz

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Oʻzbekistonda ayollar oʻrtasida oilada nechta farzand koʻrishni istayotganlari haqida soʻrovnoma oʻtkazildi.

Qayd etilishicha, soʻrovnomalar 2022-yilning 8-avgustidan 15-sentyabriga qadar barcha viloyatlarda, 15 ta shahar, 33 ta tuman va 204 ta mahallada oʻtkazilgan.

Oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, oʻzbek ayollarining 47,3 foizi 4 nafar, 38,6 foizi uch nafar farzandli boʻlishni rejalashtirishgan.

Shuningdek, ayollarning 15,3 foizi (har yettinchi ayol) bir oila uchun ikki nafar farzand yetarli deb hisoblaydi. Bu javob koʻproq oliy maʼlumotli ayollarda kuzatilgan.

Xotin-qizlarning 64,4 foizi homiladorlikdan saqlanish toʻgʻrisida yetarli darajada, 13,1 foiz ayollar esa qisman xabardor. Shu bilan birga, 22,5 foiz xotin-qizlar bu boʻyicha umuman maʼlumotga ega emas.

Bundan tashqari har oʻninchi holatda (9,3 foizda) kuzatilgan istalmagan homiladorlik himoyalanish vositalari taqchilligi tufayli yuzaga kelishi aniqlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling