Oʻzbekistonda YTHlar sabab so'nggi 10 oyda 226 nafar bola halok boʻldi

SSV YTHlar 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar oʻlimining birinchi raqamli sababi ekanini aytdi

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Oʻzbekistonda 2022-yilning yanvar-oktyabr oylarida YTHlar oqibatida 226 nafar bolalar halok boʻldi. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasida 29-noyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qilindi.

 Ma'lum qilinishicha, so'nngi 10 oy davomida 7 636 ta yoʻl-transport hodisasi (YTH) qayd etilib, ular oqibatida 7 174 kishi jarohatlangan, 1 931 kishi halok boʻlgan. Halok bo'lganlarning 226 nafari bolalardir.

Qoʻmita raisi Qutbiddin Burhonov bolalar oʻlimi bilan bogʻliq holat haqida shunday dedi: “Bu holat barchamizda birdek tashvish uygʻotadi. Biz 200 dan ziyod bolaning oʻlimi haqida gapiryapmiz, vaholanki tinch zamonda bir nafar bolaning ham bu tarzda halok boʻlishi — fojea”.

Yigʻilishda tuman (shahar)lar kesimida “Xavfsiz yoʻl” indeksini yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani, “Umr tezlikdan muhimdir” va “Xavfsizlik kamari — hayot garovi” shiorlari ostida kompleks targʻibot va tashviqot ishlari tashkil etilganiga qaramay, oʻlimga olib kelgan YTHlar soni kamaymayotgani taʼkidlab oʻtilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekistonda YTHlar 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar oʻlimining birinchi raqamli sababi ekani, mamlakatda YTHlar oqibatida 5 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi darajasi Yevropa mamlakatlariga qaraganda toʻrt baravar yuqori ekanini maʼlum qilgandi.

Maʼlumot uchun, butun 2021-yil davomida Oʻzbekistonda 10 001 ta YTH yuz bergan boʻlib, ushbu hodisalar oqibatida 9 230 kishi tan jarohati olgan, 2 426 kishi halok boʻlgan. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling