Foto: Darakchi
Kecha 8 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun 10 ta bob, 64 ta moddadan iborat. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ta'kidlanishicha, qonun vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlangan.
Hujjatda qayd etilishicha, davlat xizmatchisi o‘z rahbarining qonunga xilof buyruq va talablarini bajarishdan bosh tortishga haqli, korrupsiya to‘g‘risida xabar berganidan taqdirda davlat himoyasida bo‘ladi.
Bundan tashqari, davlat xizmatchisiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi, korxona ta’sischisi bo‘lishi, O‘zbekistondan tashqarida hisob raqamlari ochishi va xorijda ko‘chmas mulk sotib olishi taqiqlanadi. Shu bilan birga, har bir davlat xizmatchisi daromadlari va mol-mulki haqida deklaratsiya taqdim etishi shart.
Shunindek, davlat xizmatiga davlat tilini biladigan va tegishli malaka talablariga javob beradigan O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi. Davlat xizmatchilari besh kunlik ish haftasiga ega. Ishning umumiy davomiyligi haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak.
Davlat xizmatchilariga tanbeh berish, jarima solish, ishdan bo‘shatish, shuningdek lavozimini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun joriy yilning 28-may kuni Oliy Majlis Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisida ma’qullangan edi. Qonun normalari faqatgina davlat reyestriga kiritiladigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonun rasman e'lon qilingan kundan boshlab uch oy o'tgach, ya'ni 8-noyabrdan kuchga kiradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling