Samarqanddagi shifoxonada davolanish uchun kelgan chaqaloq bedarak yo'qoldi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mazkur holatni o'z nazoratiga olgan

Foto: my.ua

Foto: my.ua

Ijtimoiy tarmoqlarda qashqadaryolik er-xotinning Samarqand viloyatida sodir bo‘lgan holatlardan norozi bo‘lib qilgan videomurojaati e’lon qilindi. Ushbu holat yuzasidan O'zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy ma'lumot berdi.

Ma'lum bo'lishicha, Chiroqchi tumanida tug‘ilgan chaqaloq davolanish uchun Samarqand viloyatidagi shifoxonaga olib borilgan va u yerda dom-daraksiz yo‘qolgan. Bolaning onasi ayni kunda farzandining na tirik va na o‘lik ekanini bilmasligi, Samarqand shahar Ichki ishlar bo‘limi tergovchisi ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishini yopib yuborganini aytmoqda.

Aytilishicha, mazkur holat bo‘yicha Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 124-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. 

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, harakatdan tugatilgan.

Ushbu qaror va ish hujjatlari Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilganida, barcha holatlarga huquqiy baho berilmasdan, barvaqt qaror qabul qilingani bois, 12-oktyabr kuni qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazish uchun shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling