Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktyabr kuni ToshkentboshplanLiti DUKga borib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbariga ToshkentboshplanLiti DUK tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent shahrining transport tugunlari va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi.
Strategiyaga ko‘ra, Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qo‘yiladi. Aholi o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi.
Shuningdek, Park and ride tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi.
Bundan tashqari, binolarga ijtimoiy talablar belgilanadi. Masalan, shahar ichida ko‘p qavatli inshoot qurilgudek bo‘lsa, uning turiga qarab, maktab, bog‘cha, maishiy xizmat, avtoturargoh o‘rni, ko‘kalamzorlashtirish maydoni kabi me’yorlar qo‘yiladi.
O‘z navbatida, Katta halqa yo‘li atrofida «yashil kamar» yaratish, shahardan o‘tgan kanallar bo‘yida tematik bog‘lar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Umuman, Toshkent shahrida amaldagi 7 ming gektar yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling