Andijon viloyati hokimi yangi binolar yonidagi panduslarni ishchilar ustida sinab ko'rdi — video

Sinovda qatnashgan quruvchilardan birortasi ham uy ichiga kira olmagan

Videodan kadr

Videodan kadr

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov "Yangi Andijon"dagi qurilish bo'layotgan binolar bilan tanishdi.

Xususan, viloyat rahbari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. U quruvchilardan oʻzlari qurgan yoʻlaklar boʻylab nogironlar aravachasida harakatlanib koʻrishni va shu tariqa ish sifatini koʻrishini soʻragan.

Bir necha kishi aravachaga oʻtirib, unda harakatlanishga uringan va noqulayliklarga duch kelgan. Qurilish ishlaridagi kamchiliklar sabab ulardan hech biri koʻp qavatli uyga ham kira olmagan.

“Hozir bitta nogironni hech qaysing uyingga olib kirolmaysan. Ochiq gaplashaylik. Siz sogʻsiz, tasavvur qiling, nogiron odam boʻlsa, nima qilardi? Bolang, ota-onang, qarindoshing boʻlishi mumkin, bechoralar nima qiladi? Hammang qurdim-qurdim deb ketyapsizlar, hammasi yaxshi deyapsizlar. Nogironlar ham inson, inson qadri deganda ularni ham inobatga olish kerak. "Yangi Andijon" shahrida shuni inobatga olmasak, hamma qilayotgan ishimiz bir tiyin boʻlmaydimi? Hech qancha yurganing yoʻq, uyning ichiga hali kirolmading ham, kiradigan yoʻl ham yoʻq”, — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Hokim quruvchilardan keyingi qurilish binolarida quyosh panel, sensorli lampochka, isitiladigan hojatxona, nogironga sharoit boʻlishini taʼkidladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling