Fargʻonada tomorqasida 205 tup kannabis yetishtirgan erkak ushlandi — video

Xodimlar o'simlikning bir nechta namunalarini olib, qolganlarini yoqib yuborishdi

Videodan kadr

Videodan kadr

Fargʻona viloyati Dangʻara tumanida oʻz uyining tomorqasida koʻp miqdorda kannabis givohvandlik oʻsimligini yetishtirib kelgan fuqaro aniqlandi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida maʼlum qilindi.

Maʼlum qilinishicha, Dangʻara tumani IIB jinoyat-qidiruv boʻlimi xodimlari tomonidan “Qoradori—2022” tadbiri oʻtkazilgan. Tadbirda fuqaro Joʻrayev yashash xonadoni tomorqasida 205 tup kannabis yetishtirib kelayotgani aniqlangan. Oʻsimliklardan namunalar olinib, qolgan giyohvandlik oʻsimliklari yoqib yuborilgan.

Bundan tashqari, fuqaro Joʻrayevning yashash xonadonidagi shkaf ichidan 46,39 gramm marixuana topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan yuritilgan ish jinoyat ishlari boʻyicha Dangʻara tumani sudida koʻrib chiqilib, unga hukm oʻqilgan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 270-modda (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) 1-qismi hamda 276-modda (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan.

Sudlanuvchiga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U jazoni maxsus tartibli koloniyada oʻtashi belgilangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling