Foto: Energetika vazirligi
Andijonda qariyb 685 mln soʻmlik elektr energiyasi MCHJ tomonidan talon-taroj qilindi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish, elektr energiyasini talon-taroj qilish holatlarini aniqlash yuzasidan Andijon shahrida “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan nazorat tadbirlari oʻtkazilgan.
Olib borilgan tadbirlar davomida “Eski Oʻsh” koʻchasida faoliyat yuritib kelayotgan “F.X.S” MCHJga qarashli sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonasining ikkinchi elektr uzatish liniyasidagi elektr oʻlchov priborlari dasturga kiritilmasdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlangan.
Shuningdek, hisobga olinmagan elektr energiyasi boʻyicha 684,17 mln soʻm qayta-hisob amalga oshirilgan.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu hajmdagi elektr energiyasi hozirgi kunda 6 mingta xonadonning bir oylik isteʼmoliga teng miqdorni tashkil qiladi.
Xabarga koʻra, oʻrganishlar natijasida lektr energiyasidan noqonuniy foydalangan isteʼmolchining elektr qurilmalari tarmoqdan ajratilgan.
Aniqlangan holat boʻyicha tegishli choralar qoʻllash uchun hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Xabarda aytilishicha, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari boʻyicha oʻrganishlar davom etmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling