Foto: Prokuratura Departamenti
Toshkent viloyatining Angren va Chirchiq shaharlarida maktab jihozlari uchun ajratilgan mablagʻlar talon-taroj qilingani aytilmoqda. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Angren shahar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilgan.
Aniqlanishicha, “T.Z” MCHJ rahbari va Angren shahridagi maktab-internati direktori oʻzaro til biriktirib, maktabga aslida yetkazib berilmagan jihozlarni qabul qilib olganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni soxtalashtirgan. Shu orqali ular, jami 474,3 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilgan.
Shu kabi, Departamentning Chirchiq shahar boʻlimi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Tekshiruvlar davomida, “T.Z” MCHJ ish yurituvchisi va Chirchiq shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori oʻzaro til biriktirganligi maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, ushbu MCHJ tomonidan maktabga aslida yetkazib berilmagan ofis mebellarini qabul qilib olganligi haqidagi hujjatlarni soxtalashtirib, jami 124,2 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling