Hokimlar 4 yil ichida 200 ga yaqin maktab yerlarining bir qismini sotib yuborgan — deputat Kusherbayev

Bu borada Andijon viloyati yetakchilik qilmoqda

Foto: Zarnews<br>

Foto: Zarnews

Oʻzbekistonda 200 ga yaqin maktab yerlarining bir qismi noqonuniy sotib yuborilgan. Sinf xonalari yetishmay turgan bir vaqtda bu kelajakka xiyonatdir. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev oʻzining Telegram kanalida maʼlum qildi.

Prezident qarori bilan maktab yerlarini Xalq taʼlimi vazirligi rahbarining roziligisiz olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.

Shunga qaramay, hokimlarimiz maktab yerlarini boshqalarga berib qoʻygan holatlar koʻp. Oddiy qilib aytganda, maktab yerlari “sotilgan”, deydi Kusherboyev.

Qayd etilishicha, 2018-yildan buyon jami 198 ta maktab noqonuniy berib yuborilgan. Bu borada Andijon viloyati yetakchilik qilmoqda. Viloyatda jami 61 ta maktab hududlari berib yuborilgan. Keyingi ooʻrinlarni esa Qashqadaryo viloyati (26 maktab) va Namangan viloyati (20 maktab) egallagan.

Uning maʼlum qilishicha, birgina Xorazm viloyatida bunday ish kuzatilmagan.

“Oʻquvchilarga sinfxonalar yetishmay, maktablarga qoʻshimcha bino qurishga yer muammo boʻlib turgan bir vaqtda maktab yerlari talon-taroj qilinayotganini kelajakka hiyonat, deyish mumkin.

Farqi shundaki, bunda maktab yerlarini talon-taroj qilgan hokimlar emas, noqonuniy topshiriqni bajargan qoʻrqoq va jurʼatsiz xodimlar jazolanadi”, — deydi Kusherbayev.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling