O'zbekistonliklardan harbiy harakatlarda qatnashishga oid da'vatlarga ergashmaslik so'raldi

Jinoyat kodeksining tegishli moddalari haqida ham eslatib o'tildi


Rossiyaning Perm shahrida oʻzbek diasporasi yetakchisi Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun batalyon tuzishni taklif qildi. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi "bunday da’vatlarga ergashmaslik, ziddiyatli hududlarga bormaslik va harbiy harakatlarda qatnashmaslikni" so‘radi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Perm shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari shaxsan o‘z vatandoshlarini Ukrainaga urushga jalb qilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Unga ko'ra, "Vetta" telekompaniyasi e’lon qilgan videoda Jahongir Jalolov ismli shaxs o‘zbeklar shu yerda yashayotgani, ishlayotgani, ularning farzandlari esa bog'chaga qatnayotgani, maktab hamda oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotganini, shu bilan birga, yeyotgan nonini oqlashga majbur ekanliklarini ta’kidlagan.

Shu maqsadda ko'ngillilardan iborat batalyon tashkil etish hamda uni Amir Temurning ulug' nomi bilan "Temurlan" deb atashni taklif qilgan.

Shu munosabat bilan, O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi munosabat bildirdi.

"O‘zbekiston fuqarolaridan bunday da’vatlarga ergashmaslik, ziddiyatli hududlarga bormaslik va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘raymiz", — deyiladi xabarda.

Shuningdek, agnetlik xabarga nisbatan bildirilgan munosabat davomida, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 154−1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilganini eslatib o‘tdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling