Videodan lavha
Bosh vazir oʻrinbosari, Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov Oʻzbekistonda energiya taʼminotidagi uzilishlarga izoh berdi.
Uning aytishicha, hozirgi ob-havo sharoiti yanada rejali oʻchirishlar yoʻlga qoʻyilmasa, jiddiyroq talafotlar yuzaga kelishi mumkin.
“Bizning vazifamiz — odamlarning xonadonini gaz bilan taʼminlash, shuningdek, tabiiy gaz yordamida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarib, elektr energiyasini yetkazib berishdir. Toʻgʻri, eʼtirozlar bor. Hammaga ham yetib bormayapti. Juda koʻp oʻchishlar boʻlyapti. Buni biz tan olamiz, buni hech kim inkor etmayapti.
Shunday ob-havo sharoitida rejali, tizimli cheklovlar kiritgan holda vaziyatdan chiqib ketmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot koʻrish mumkin. Shuning uchun bunday keskin choralar koʻrishga majburmiz”, — dedi Energetika vaziri.
Shuningdek, Joʻrabek Mirzamahmudov Fargʻonada gaz uzilishi sabab zavod ishchilari ishsiz va daromadsiz qolib ketishganiga ham izoh berdi.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Fargʻonaning Oʻzbekiston tumanidagi “Shoʻrsuv sement” ishchilari murojaat bilan chiqib, zavodda gaz uzib qoʻyilgani ortidan ishsiz va daromadsiz qolib ketishganini aytib chiqishgandi.
"Fargʻonadagi holatga keladigan boʻlsak, yana bir bor taʼkidlab oʻtamiz, boshqa alternativ yoqilgʻida ishlashi mumkin boʻlgan barcha obyektlar havo keskin shunaqa paytda tarmoqdan uziladi. Bu yerda biroz boʻrttirib gapirilgan, 10 mingta deb. Bu sement ishlab chiqarish korxonasining 10 mingta emas, yuzdan sal oshiqroq ishchilari boʻlgan.
Hamma biladiki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bor, gʻisht zavodlari, yangidan qurilayotgan sement zavodlar barchasi koʻmir, yaʼni alternativ yoqilgʻida ishlashi kerak. Hozir bu zavodni tabiiy gazga kim ulagan, kim ruxsat bergan, buni alohida oʻrganib chiqamiz. Lekin korxona rahbarlari shartnoma shartlariga koʻra vaqtida ogohlantirilgan. Ishchilar bilan tegishli targʻibot ishlarini olib borishi kerak edi”, – dedi Mirzamahmudov.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling