Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov va Transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan avtobusda yurdi — foto, video

Vazirlar yo‘lovchilar bilan suhbatlashdi

Foto: IIV

Foto: IIV

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va transport vaziri Ilhom Mahkamov gavjum avtobusda harakatlanishdi, deb xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Boshqarma rahbarlari Toshkent shahar jamoat transporti tizimidagi muammolarni o‘rgandi. Jumladan, ular yo'lovchilar bilan gaplashdilar.

Ijtimoiy tarmoqlarga video yuklaganlardan biri Transport vazirining aholi bilan suhbatlashib muammolarni o'rganayotganini ijobiy baholadi.

"Ko'rinishlaridan yaxshi odamga o'xshayaptilar, har bir odamga e'tibor berib eshityaptilar", deydi fuqaro.

Yana bir fuqaro esa "Bunaqasi birinchi marta bo'lmoqda bizda, bo'lar ekanku shunaqa qilib kamchiliklarni o'rgansa ham", deya fikr bildirgan.

Jurnalist Muhrim A'zamxo'jayev esa ushbu holatni biroz tanqid qildi.

"Birinchidan nega Ichki ishlar vazirligi transport masalasi bilan shugʻullanishi kerak? Tartib oʻrnatadi, deydigan boʻlishsa,.. gʻalati, IIV bir batartib vazirlik sifatida alohida ajralib turmasa, eng koʻp tanqid qilinadigan va ustidan eʼtirozlar tushadigan tuzilmalardan biri boʻlsa, oʻzi masʼul qilib belgilangan sohalar boʻyicha ham vaqti kelsa tayinli javob berolmasa, uning bir “qoʻli” hisoblangan YHXX ham koʻchalarda tayinli bir tartib oʻrnata olmagan boʻlsa... Mantiqni topish qiyin.

Ikkinchidan, modomiki, IIV shuncha vazifayu sektorlaridan ortib endi jamoat transporti bilan ham shugʻullana oladigan boʻlsa, u holda Transport vazirligi, Toshshahartransxizmat va hokazo shu kabi idorayu tashkilotlar nega kerak? Poyezdga chipta topolmaysan - bu tomoniga endi, nima, Milliy gvardiya birikitiriladimi? Aviaqatnovlar masalasida ham shuncha boʻluv-qoʻshuvlar, Rossiyadan Alisher Usmonovning tanishlarini olib kelish bilan koʻp narsa oʻzgarib qolgani yoʻq, xoʻsh, tartib boʻlishi uchun endi u yerda DXX biriktiriladimi?

Qachon hamma oʻz ishini qilishni boshlaydi? Bunaqada qachon odam boʻlamiz?", deydi Muhrim A'zamxo'jayev.

Ta'kidlash joizki, avtobuslarning to‘g‘ri va samarali harakatlanishini tashkil etish maqsadida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining sakkizta avtobus bekati va yo‘nalishlarida Ichki ishlar vazirligidan 212 nafar xodim jalb etilgan. Shu bilan birga, boshqarmaga 7-, 8- va 18-sonli avtobus bazalari biriktirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling