Foto: Repost.uz
Toshkent shahar hokimligi hozirgi yangi qurilgan xonadonlarni sotib olishda ogohlikka chaqirdi.
Hokimlik xabariga koʻra, Xozirgi kunda ayrim quruvchi tashkilotlar qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan tasdiqlanmagan va ekspertizadan oʻtmagan koʻp kvartirali uylardagi xonadonlarni “qurib berish” shartlarida sotishni taklif etmoqda.
Qayd etilishicha, aksariyat hollarda, bunday xonadonlarni sotib olishga shartnoma tuzganlar xonadonni oʻz nomiga roʻyxatdan oʻtkazish, ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga ulashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Shu jumladan, Toshkent shahar, Taras Shevchenko koʻchasi, 23-uy manzilida qurilishi rejalashtirilgan “DAhO koʻp funksiyali majmuasi” boʻyicha reklama qilinayotgan 5 ta koʻp xonali uy loyihasi boʻyicha hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi qarori olinmagan va davlat ekspertizasidan oʻtkazilmagan boʻlsada, quruvchi tashkilot xonadonlar sotuvini 2022-yil dekabr oyidan boshlab yuborgan.
“Hurmatli fuqarolar, yangi quriladigan uylardan xonadon sotib olishda sizga taklif etilayotgan qurilishi rejalashtirilgan uy qurilish loyihasi hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashida koʻrib chiqilib, davlat ekspertizasidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi hujjatlar bilan tanishing.
Loyihasi kelishilmagan, davlat qurilish ekspertizasidan oʻtkazilmagan uydan kvartira sotib olib, oʻzingizni uzoq davom etadigan muammolarga duchor qilmang. Oʻz vaqtingizni, mablagʻingizni sarflashda talabchan boʻling!”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling