Toshkent viloyatida ayolning uyiga jiyani o'g'irlikka tushdi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda

Foto: Tergov departamenti<br>

Foto: Tergov departamenti

Toshkent viloyati Qibray tumanida jiyan xolasining uyiga o‘g‘irlikka tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 27-avgust kunidan 2-sentyabr kuniga qadar boʻlgan vaqtda 57 yoshli fuqaroning uyiga noma’lum shaxs noqonuniy ravishda kirib, xonadon mehmonxonasidan jami 120 million so‘mlik bir dona ayollar zanjiri, bir dona ayollar bilak uzugi, 2 dona ayollar brilliant ziragi, 1 dona ko‘k ko‘zli zirak, 1 dona ayollar bilak uzugi, 3 dona uzuk, 8 million 412 ming so‘m miqdoridagi naqd pul va 3250 dollar miqdoridagi pullarni o‘g‘irlab, hodisa sodir bo‘lgan joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksning 169-moddasi (O‘g‘rilik) 4-qismi "a" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Maʼlum qilinishicha, olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni jabrlanuvchining jiyani bo‘lmish 30 yoshli fuqaro tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, u prosessual tartibda qoʻlga olingan.

Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi so‘roq qilinib, undan nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l o‘rganligi, o‘g‘irlangan buyumlar va pullarning taqdiri haqida so‘ralganda, u mazkur jinoyatni katta miqdorda qarzi borligi va qarzidan qutilish maqsadida xolasining uyidan tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab, ularni Toshkent shahrida joylashgan Oloy bozorida 4800 dollarga sotib yuborganligini bildirgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling