Ijtimoiy tarmoqlarda Qozogʻistonning Ulitau viloyatiga kosmik kema boʻlagi qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Mahalliy hokimlik ushbu xabarlar yuzasidan izoh berdi.
Qayd etilishicha, viloyatning Janaarka tumani aholisi Orinbay qishlogʻi yaqinidagi dashtga qulagan kosmik kema boʻlaklarini videoga olgan.
Janaarka tumani hokimligi maʼlum qilishicha, bu yerga kelib tushgan boʻlaklar “Progress MS-21” yuk kemasiga tegishlidir.
“Bu Progress MS-21 yuk kemasining bir boʻlagidir. U Orinbay aholi punktidan 25 km uzoqlikka qulab tushgan. Bu yerga yaqin joylashgan qishlovxona aholisi evakuatsiya qilindi. Orinbay qishlogʻi aholisini evakuatsiya qilmadik”, — deyiladi xabarda.
Maʼlum qilinishicha, "Roskosmos” mutaxassislari kosmik kema yerga qulayotgani haqida oldindan bilgan va uning boʻlagi qayerga kelib tushishini aniqlagan.
“Ular tomonidan tezkor chora koʻruvchi maxsus guruh tuzilib, bu joyni nazorat qilib turgan. Kosmik kema birinchi pogʻonasi boʻlaklari allaqachon olib ketilgan, ular xavf tugʻdirmaydi”, — deydi hokimlik matbuot xizmati.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling