Foto: Videodan lavha
Toshkent shahar Yashnobod tumanida tanishi va uning onasini oʻldirib, soʻng uyini yoqib yuborgan erkakning ishi apellyatsiya sudida qayta koʻrib chiqildi. Bu haqda Milliy telekanalining "Millar" informatsion dasturi xabar bermoqda.
Maʼlum qilinishicha, 2022-yil 1-aprel kuni 55 yoshli fuqaro oʻzining 46 yoshli tanishidan 400 ming soʻm qarzini soʻrash uchun uning uyiga borgan. Ikki erkak birgalikda spirtli ichimlik isteʼmol qilgan.
Oradan bir muddat oʻtgach ular orasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Shundan soʻng oʻzaro janjal sodir boʻlgan. Oʻzaro janjal oqibatida sudlanuvchi jabrlanuvchining boshiga boltanining orqa qismi bilan urgan. Uyda boʻlayotgan shovqin-surondan qoʻshni xonada uxlayotgan ayol (jabrlanuvchining onasi) uygʻonib ketgan va ularni ajratish uchun janjalga aralashgan.
Keyin esa sudlanuvchi qoʻlidagi bolta bilan ayolning boʻyin qismiga bir marotaba urib, uni jarohatlagan. Spirtli ichimlik taʼsirida boʻlgan tanishini elektr simi, ayolni esa qoʻllari bilan boʻgʻib oʻldirgan va xonadonni yoqib yuborgan.
Sudlanuvchi 2022-yil 4-oktyabr kuni Yashnobod tuman sudi tomonidan qasddan odam oʻldirish, oʻgʻrilik, mulkni qastdan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish jinoyatlarini sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 22 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Muqaddam toʻrt marotaba sudlangan erkak sud hukmidan norozi boʻlgan erkakning ishi Toshtent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha Sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasi ochiq sud majlisida qayta koʻrib chiqilgan.
Ish qayta koʻrib chiqish davomida voqea joyi va videotasvirlar qayta koʻrib chiqilgan. Xulosaga koʻra, sudlanuvchining voqea vaqtida goʻyoki uchinchi shaxs borligi haqidagi gaplari oʻz isbotini topmagan. Sudning yakuniy xulosasiga koʻra, sud hukmi oʻzgarishsiz, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirishsiz qoldirilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling