Turkiya kompaniyasi Farg'ona vodiysida “aqlli yo'l” tizimi qilish uchun 10 mln dollar beradi

 “Aqlli yoʻl” tizimi yoʻl-transport hodisalarini, jarohat olish va oʻlim holatlarini 90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi

Foto: Uzavtoyol.uz

Foto: Uzavtoyol.uz

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov kecha turkiyalik investor, axborot tizimlariga ixtisoslashgan Streat kompaniyasi rahbari Zeynep Yildirim bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.

Viloyat hokimligi maʼlumotiga koʻra, unda avtomobil yoʻllarida Turkiya investitsiyasi hisobidan “aqlli yoʻl” tizimini joriy etish masalasi muhokama qilingan.

Unda vodiy viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilayotgan ushbu loyiha uchun 10 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorij sarmoyasini yoʻnaltirish koʻzda tutilayotganini maʼlum qilgan. Zeynep Yildirim avtotransport oqimini boshqarish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida ushbu tizim joriy etilgan xorijdagi hududlarda erishilgan ijobiy natijalar haqidagi maʼlumotlarni oʻrtoqlashgan.

Qayd etilishicha, “Aqlli yoʻl” tizimi yoʻl-transport hodisalarini, jarohat olish va oʻlim holatlarini 90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Toʻlaligicha inson omilisiz ishlaydigan ushbu tizim quyosh energiyasi yordamida ishlovchi infraqizil nurlarga ega radarlar hamda kameralar, elektron tablolar bilan jihozlangan boʻlib, unda kerakli vaziyatlarda hodisa joyiga yoʻl harakati xavfsizligi, tez yordam va favqulodda vaziyatlar boʻlinmalarini avtomatik chaqirish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, sim kartalar yordamida internetga ulanish imkoniyati hamda elektr tarmogʻi tortish ehtiyoji yoʻqligi bu tizimni qisqa muddatda istalgan hududda joriy etish imkonini beradi. Tizim tezlikni oshirish, qizil chiroqda oʻtish, qoidani buzgan holda quvib oʻtish, xavfsizlik kamarisiz harakatlanish, qoidaga hilof ravishda burilish, yoʻl qatnov qismining piyodalar kesib oʻtishi uchun moʻljallangan qismida qoidaga amal qilmaslik va boshqa koʻplab holatlarda muayyan hududda yoki yoʻl qismida toʻla nazoratni taʼminlaydi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling