Foto: Qashqadaryo IIB
Qashqadaryoda pora olishni rad etib, bu haqda rahbariyatiga ma'lum qilgan profilaktika inspektori taqdirlandi, deb xabar beradi viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.
Ma'lum bo'lishicha, 10-iyun kuni Chiroqchi tuman IIB profilaktika inspektori Nurbek Oqnazarov “Langar” MFYda “Niva” rusumli avtomashinaga duch kelgan.
Haydovchi o'zini tanishtirib, hujjatlari yo'qligini bildirgan. Avtomashinada esa ikki nafar voyaga yetmagan bolalar bo'lib, ular Chiroqchi tumani “Xontepa” qishlog'ida yashashi, ular kovrak o'simligini yig'ish uchun ketayotgan bo'lgan.
Inspektor avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarish va voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari bo'yicha hujjatlar rasmiylashtirgan.
Haydovchi profilaktika inspektoriga pora taklif qilgan. Inspektor unga bu ishi jinoyat ekanini aytgan. Natijada profilaktika inspektori Nurbek Oqnazarov bu haqida Chiroqchi tuman IIB boshlig'i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Tezkor tadbirda fuqaro profilaktika inspektorining xizmat xonasida 5,5 million so'm miqdordagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Xizmat vazifasiga vijdonan va sidqidildan yondashgani uchun katta leytenant Nurbek Oqnazarov rahbariyat tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling