Toshkentda maktab o‘quvchisining onasi bolasiga tanbeh bergan o‘qituvchi bilan janjallashdi

Janjalga yana bir erkak aralashib, o‘n birinchi sinf o‘quvchisini urib yubordi

Foto: IIV matbot xizmati

Foto: IIV matbot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Yangihayot tumanida joylashgan oʻrta maktabda fuqarolar tomonidan oʻquvchi va oʻqituvchilarga bosim oʻtkazilganligi haqida video tarqalmoqda. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov voqeaga izoh berdi.

Ma'lum qilinishicha, 21-oktyabr kuni Toshkentning Yangihayot tumanida joylashgan 331-sonli maktabning ikki nafar 11-sinf oʻquvchilariga maktabning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari F.Nasrullayeva tomonidan, darslarga kechga qolib, maktabning ichki tartibini muntazam buzib kelishlari va xulqini yomonligi uchun tanbeh berilgan.

Oʻquvchilarning birining 38 yoshli onasi maktabga yetib kelib, oʻgʻliga tanbeh bergan oʻqituvchini ayblab, janjal koʻtargan.

Chaqiruvga koʻra voqea joyiga yetib kelgan tuman IIB Post-patrul xizmati xodimlari tomonidan surishtiruv oʻtkazilayotgan vaqtda holatga 37 yoshli shaxs aralashib, oʻquvchilardan birining yuziga tarsaki tushirgan.

Holat yuzasidan oʻquvchining onasiga MJtKning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) hamda tarsaki tushirgan fuqaroga nisbatan 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, oʻrnatilgan tartibda javobgarlik belgilangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling