O'zbekiston avtomobillar savdosi bir oyda 41 foizga ko'paydi

Noyabr oyida respublika boʻyicha 159 mingdan ortiq avtotransport vositasi sotilgan 

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Oʻzbekistonda 2022-yil boshidan avtomobillar savdosi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar koʻpayib, 1,3 mln avtotransport vositasini tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, noyabr oyida respublika boʻyicha 159 mingdan ortiq avtotransport vositasi sotilgan — bu oktyabr oyiga nisbatan 41 foizga koʻp.

Shuningdek, oʻtgan bir oy ichida birlamchi avtomobil bozorida avtomobillar savdosi sezilarli darajada oshgan. Xususan, noyabr oyi davomida roʻyxatdan oʻtgan avtotransport vositalari soni bir oyda 33 minggacha oshgan.

Ikkilamchi avtomobil bozoridagi takliflar soni ham sezilarli darajada oshgan. Kuzning soʻnggi oyida respublikada 126 mingdan ortiq avtomobil sotilgan — bu oktyabr oyiga nisbatan 38 foizga koʻpdir.

Umuman olganda, bir oy ichida sotuvlar 41 foizga koʻpaygan. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 58 foizga, xorijiy avtomobillar esa 69 foizga oʻsgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling