Bojxona tomonidan musodara qilingan tovarlar onlayn auksionlarda sotilishi aytildi

Auksionda sotish muddati 2023-yil 1-aprelga qadar etib belgilangan

Foto: Google source

Foto: Google source

Vazirlar Mahkamasining davlat bojxona qoʻmitasi huzuridagi “Bojxona-servis” davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.

“Bojxona-servis” korxonasi prezidentning tegishli farmoni bilan tashkil etilgandi. Unda bojxona faoliyati bilan bogʻliq turli xizmatlar koʻrsatiladi. Xususan, muassasa xodimlari deklarantlarga bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam hamda maslahatlar berib boradi.

Shuningdek, “Bojxona-servis” chegara bojxona postlarida qurilish ishlarini olib borishi, ularni nazorat-texnik vositalar bilan jihozlashi va ularda avtoturargohlarni tashkil etishi belgilangan. Shu bilan birga, bojxona omborlari xizmatlarini koʻrsatish, ulardagi tovarlarni ortish va tushirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishi mumkin boʻladi.

Bojxona organlari tomonidan olib qoʻyilgan va davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni boshqarish “Bojxona-servis"ning asosiy vazifasi hisoblanadi. Bunda musodara qilingan tovarlarni saqlash va keyinchalik sotish uchun javobgarlik muassasaning zimmasiga yuklanadi.

Qaror bilan, davlat bojxona qoʻmitasiga 2023-yil 1-aprelga qadar musodara qilingan tovarlarni onlayn savdo maydonchalari va yarmarkalar orqali sotishni tashkil etish topshirildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling